Nurota o‘zining qadim o‘tmishi, bugungi go‘zal qiyofasi, din va dunyoviy ilm sohasida tutgan o‘rni bilan yurtimiz aholisini, balki xorijlik sayyohlarni ham o‘ziga chorlab keladi. Ayniqsa, "Chashma” ziyoratgohi, Nur qal’asi, Shayx Abu Hasan Nuriy qabri va boshqa ko‘plab tarixiy obyektlar hech bir kishini befarq qoldirmaydi.
Nurotada turizm salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshi­rilayotgan ishlar ham e’tiroflidir. Bunda tumanning boy tarixidan sa­ma­rali foydalanish muhim ahamiyat kasb etayotir. Xususan, bugungi kun­da "Chashma” ziyoratgohi yonida muxtasham muzey binosi, "Hunar­mandchilik markazi” majmuasini barpo etish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda. Shuni ham aytish kerakki, obida yonida 50 o‘ringa mo‘ljallangan milliy meh­monxona qad rostlagan. Majmua atrofida o‘nlab yangi obyektlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, majmuaning kirish qismida 70 o‘rinli konferensiyalar zali hamda kutubxona quriladi, bu­loq hamda ariqlar atrofi milliy arxi­tektura talablari asosida qayta rekonstruksiya qilinadi, ziyoratchilar hamda turistlar uchun ayvon qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, majmua tarkibiga kiruvchi Shayx Abu Hasan Nuriy qabrini maqbara ko‘rinishiga keltirish, "Panjvaqta”, "Chilustun” jome’ masjidlari joriy ta’mirlanadi. Bugun qadim va ko‘hna Nurotaga kelganlarning barchasi uning gumbazli masjidlari, ajdod­lardan meros ziyoratgohlarning go‘zal va betakror qiyofasiga qarab to‘ymaydi. Ayniqsa, hudud turizmi rivojlanayotganligi aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Roza QURBONOVA,
Nurota tumani.

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER  тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.